
Karl Benz

Benz Patent Motorwagen (1885), tiklangan nusxasi.Asosiy maqola: Avtomobil tarixi
Birinchi oʻziyurar mexanik ulov yoki avtomobil 1769-yili Nicolas-Joseph Cugnot tomonidan ixtiro qilingan, deb hisoblansada, baʼzilar Cugnot’ning uch gʻildirakli mashinasi haqiqatdan ham ishlaganiga shubha bildirishadi, boshqalar esa ilk bugʻ mashinasini Xitoyda iezuit missioneri 1672-yilda yasagan, deb taʼkidlashadi[4][5]. Nima boʻlganda ham François Isaac de Rivaz, shveysariyalik ixtirochi, birinchi ichki yonuv dvigateli muallifi hisoblanadi; u yasagan dvigatel yoqilgʻi sifatida vodorod va kislorod aralashmasini ishlatib, dunyoda shu tipdagi eng birinchi dvigatel edi. Biroq u Samuel Brown, Samuel Morey va Etienne Lenoir‘lar yasagan ichki yonuv dvigatelli ulovlar kabi qoʻpol va beoʻxshov edi[6].
1881-yilning noyabrida farang ixtirochisi Gustave Trouvé uch gʻildirakli, ishlaydigan avtomobilni namoyish etdi. Bu voqea Parijdagi Xalqaro Elektr Koʻrgazmasida sodir boʻlgandi[7].
1885-yili Olmoniyaning Manheim shahrida Karl Benz toʻrt qadamli dvigatelga ega avtomobil qurib, keyingi yili, yanvar oyida oʻzining Benz & Cie. shirkati (1883-yili asos solingan) yordamida shu ixtirosi uchun patent oldi.
Shu muammo ustida boshqa olmon ixtirochilari (shu jumladan, Gottlieb Daimler, Wilhelm Maybach va Siegfried Marcus) ishlashgan boʻlishsada, zamonaviy avtomobilning rasman ixtirochisi, deb koʻriladi[6]. 1879-yili Benz oʻzining ilk dvigateli (1878-yilgi) uchun patent olgandi. Uning koʻpgina boshqa ixtirolari ulovni yurgiza oladigan dvigatel yasashda qoʻl keldi, va 1896-yili Benz birinchi oppozit dvigatel patentladi.
1893-yilda Benz oʻzining toʻrt gʻildirakli avtomobilini namoyish etdi, ungacha taxminan 25 dona Benz ulovlari sotilgandi. Ular Benz’ning oʻzi loyihalagan toʻrt qadamli dvigatellar yordamida harakat qilar edi. Litsenziyalangan Benz dvigatellarini ishlab chiqarayotgan fransiyalik Emile Roger, endi uning avtomobillarini ham sota boshladi. Fransiya avtomobil bozori Olmoniyadagiga nisbatan chaqqonroq boʻlgani uchun ulovlar Roger orqali tezroq sotila boshladi.
Daimler va Maybach 1890-yili Cannstatt‘da Daimler Motoren Gesellschaft (Daimler Motor Shirkati, DMG) ga asos solishib, shu savdo belgisi ostidagi ilk avtomobilni 1892-yilda sotishdi. 1895-yilga kelib 30ga yaqin DMG avtomobillari sotildi. Benz va Daimler avvalboshda bir-birlarining ishlaridan bexabar boʻlib, mustaqil ishlashgani taxmin etiladi.
Daimler 1900-yilda vafot etdi va shu yili, biroz vaqt oʻtib, Maybach Emil Jellinek buyurtmasiga binoan Daimler-Mercedes motorini yasadi. Ikki yildan soʻng DMG’da shu motorli avtomobil ishlab chiqarilib, «Mercedes» deb ataldi. Soʻngra Maybach DMG’dan ketdi va oʻz biznesini ochdi. Daimler savdo belgisi boshqa ishlab chiqaruvchilarga sotildi.
Karl Benz Birinchi Jahon Urushidan soʻnggi Olmoniya iqtisodiyotining ojizlana boshlaganida DMG va Benz & Cie. orasida hamkorlik oʻrnatishni taklif etdi, biroq DMG direktorlar kengashi bu taklifni rad etdi. Ikki shirkat orasidagi muhokamalar bir necha yil oʻtib boshlandi va 1924-yilda ular 2000-yilgacha kuch saqlaydigan Oʻzaro Manfaatdorlik Shartnomasini imzoladilar. Ikkala tashkilot oʻz belgilarini saqlab qolishsada, dizayn, ishlab chiqarish, sotuv, xarid va rekla buma marketinglarini kelishib loyihalasha boshlashdi.